Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston milliy pochta operatori O‘zbekiston pochtasi (UzPost) Wildberries kompaniyasidan 360 mlrd so‘m miqdorida foizsiz kredit liniyasi ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 8 oktyabr kuni matbuot anjumanida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha dastlabki kelishuvlar haqida gap bormoqda. Kredit liniyasi ochilishi butun summa avtomatik ravishda jalb qilinishini anglatmaydi. Mablag‘lar zarurat tug‘ilgan sari ishlatiladi va umuman kerak bo‘lmasligi ham mumkin.
Avvalroq UzPost tomonidan Wildberries kompaniyasidan yillik 14 foiz stavkada 100 mlrd so‘m miqdorida qarz olish masalasi kun tartibiga kiritilgan edi. Biroq ushbu taklif bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilmadi. DABA pochta operatoridan qarz mablag‘lariga ehtiyoj mavjudligini va ularni qaytarish manbalarini asoslab berishni so‘radi. Shundan so‘ng UzPost hamkorlar bilan muzokaralarni qayta boshladi.
Murodov jalb qilingan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan barcha xarajatlar samaradorlik nuqtai nazaridan baholanishini taʼkidladi.
Shu bilan birga, DABA taklifiga binoan Wildberries vakillari UzPost kuzatuv kengashi tarkibiga kiritildi.
Foizsiz moliyalashtirish taqdim etilishi rejalashtirilayotgani munosabati bilan kompaniyaning besh nafar vakili kuzatuv kengashidagi o‘rinlarning ko‘pchiligini egalladi.
Shu bilan birga, DABA rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlar UzPost ijro etuvchi organiga va davlatning aksiyador sifatidagi maqomiga taʼsir ko‘rsatmagan. Kuzatuv kengashi ham korxonaning kundalik boshqaruvida ishtirok etmaydi, balki strategik masalalar bilan shug‘ullanadi.
Murodov Wildberries vakillarini jalb qilishdan maqsad pochta operatorini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda ularning tajribasidan foydalanish va qarz mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish ekanini tushuntirdi.
Wildberries vakillari bilan hamkorlik muddatli shartnoma asosida yo‘lga qo‘yilgan. Uning amal qilishi natijalariga qarab hamkorlik davom ettirilishi yoki DABA boshqaruvning boshqa yondashuvlarini ko‘rib chiqishi mumkin.
Shuningdek, DABA rahbari maʼmuriy jarimalar to‘g‘risidagi qog‘oz xabarnomalarni yetkazib berish to‘xtatilganidan keyin UzPost daromadlari sezilarli darajada qisqarganini maʼlum qildi.
Avvallari jarimalar to‘g‘risidagi qarorlarni yetkazib berish pochta operatori daromadlarining manbalaridan biri bo‘lgan. Elektron xabardor qilish tizimiga o‘tilganidan so‘ng Ichki ishlar vazirligi va tijorat banklari fuqarolarga qarzdorlik hamda maʼmuriy jarimalar haqida mobil ilovalar orqali xabar bera boshladi.
Murodovning baholashicha, qog‘oz xabarnomalardan voz kechilishi natijasida UzPost faqat shu yo‘nalishning o‘zi bo‘yicha 50–60 mlrd so‘m daromadini yo‘qotgan.
«Raqamlashtirish tufayli ushbu xizmatga bo‘lgan ehtiyoj qolmadi. Pochta katta moliyaviy yo‘qotishlarga uchradi», — dedi DABA rahbari.
UzPost‘ni 2025 yilda moliyaviy sog‘lomlashtirish dasturi doirasida korporativ boshqaruvning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan edi. Murodov bu chora xususiy kompaniyalar, jumladan, Uzum va Wildberries tomonidan raqobat kuchayib, UzPost‘ning bozordagi ulushi qisqarib borayotgani sharoitida zarur ekanini taʼkidladi.
1 martdan boshlab UzPost yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar to‘g‘risidagi qog‘oz xatlarni yetkazib berishni to‘xtatdi.
Ichki ishlar vazirligi elektron xabarnomalar tizimiga o‘tishni jarima to‘g‘risidagi qarorlarni yetkazish jarayonida inson omilini kamaytirish, ishonchni oshirish va aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadi bilan izohlagan edi.