Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xorvatiya malakali ishchilarni jalb qilishda O‘zbekistonni ustuvor hamkorlardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Bu masala O‘zbekiston Migratsiya agentligi direktori Muxsinxo‘ja Abdurahmonovning ish safari davomida Xorvatiya Savdo-sanoat palatasi (HGK) va mamlakat Ish beruvchilar assotsiatsiyasi (HUP) rahbariyati bilan o‘tkazgan muzokaralarida muhokama qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Migratsiya agentligi xabar berdi.
Tomonlar asosiy eʼtiborni o‘zbekistonlik mutaxassislarni Xorvatiya mehnat bozoriga uyushgan va qonuniy ravishda jalb qilish bo‘yicha davlatlararo mexanizmni ishlab chiqishga qaratdi.
Taklif etilayotgan modelga ko‘ra, Xorvatiya ish beruvchilarining xodimlarni tanlab olish bo‘yicha buyurtmalari Xorvatiya davlat bandlik xizmati orqali O‘zbekiston Migratsiya agentligiga yuboriladi.
Nomzodlar O‘zbekistonda kasbiy va til tayyorgarligidan o‘tadi, shundan so‘ng ish beruvchilar ular orasidan tanlov o‘tkazadi. Shuningdek, davlatlararo mexanizm doirasida tanlab olingan fuqarolar uchun ishlash va yashash ruxsatnomalarini rasmiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish ham nazarda tutilgan.
Xorvatiya tomoni qurilish, turizm, mehmonxona va restoran biznesi, tibbiyot hamda savdo sohalarida ishchilarga talab yuqori ekanini maʼlum qildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro biznes-forumga Xorvatiyaning 10–30 ta kompaniyasidan iborat delegatsiyani jalb qilish imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.
Tashrif doirasida kompaniyalar vakillari o‘quv markazlari bilan tanishishi va nomzodlarni bevosita tanlab olishi mumkin bo‘ladi.
Taklif etilayotgan mexanizm Xorvatiya ish beruvchilari va o‘zbekistonlik mutaxassislar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, xorijda qonuniy ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.