7
Iqtisod

Xorvatiya kompaniyalari O‘zbekistondan 100 nafargacha quruvchini ishga olmoqchi

Xorvatiya kompaniyalari O‘zbekistondan 100 nafargacha quruvchini ishga olmoqchi
Xorvatiya kompaniyalari O‘zbekistondan 100 nafargacha quruvchini ishga olmoqchi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xorvatiyaning Man Power va Radnik d.d. kompaniyalari qurilish hamda infratuzilma loyihalariga mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor.

Jumladan, Man Power dastlab O‘zbekistondan 15–20 nafar fuqaroni ishga qabul qilish, keyinchalik esa ishchilar sonini 100 nafargacha yetkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Muzokaralar O‘zbekiston Migratsiya agentligi direktori Muxsinxo‘ja Abdurahmonovning Xorvatiyaga ish safari doirasida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Migratsiya agentligi xabar berdi.

Man Power 100 nafargacha mutaxassisni jalb qilishni ko‘rib chiqmoqda

Man Power vakillari bilan temir yo‘l hamda boshqa infratuzilma obyektlari qurilishiga o‘zbekistonlik mutaxassislarni ishga joylashtirish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar ishchilarni bosqichma-bosqich jalb qilish modelini ko‘rib chiqdi. Birinchi bosqichda 15–20 nafar fuqaroni ishga qabul qilish, keyinchalik esa ularning sonini 100 nafargacha oshirish rejalashtirilmoqda.

Radnik d.d. kompaniyasi rahbariyati o‘zbekistonlik ishchilarning kasbiy mahorati, mehnatsevarligi va ish sharoitlariga tez moslasha olish qobiliyatiga ijobiy baho berdi. Kompaniya hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Tashrif davomida delegatsiya kompaniyaning o‘zbekistonlik fuqarolar mehnat qilayotgan qurilish obyektiga borib, ular bilan suhbatlashdi.

Uchrashuvda mehnat va yashash sharoitlari, ishchilar huquqlariga rioya etilishi hamda ijtimoiy himoya masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Muzokaralarda nomzodlarni kasbiy va til jihatidan tayyorlash, ularning malakasini tan olish, ish haqini rasmiy ravishda to‘lash, shuningdek, mehnat va ijtimoiy huquqlarni himoya qilish masalalari ham muhokama qilindi.

Migratsiya agentligi o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan Xorvatiyadagi ishonchli ish beruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va xorijda qonuniy ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirishni maqsad qilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.