Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatida sovitish uskunalari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va zamonaviy omborxona quvvatlarini birlashtirgan sanoat majmuasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Loyihani Rishton tumanida ro‘yxatdan o‘tgan Xitoyning «Haoyuan Green Cold Chain» MCHJ kompaniyasi amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
Loyihani amalga oshirish istiqbollari viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va kompaniya rahbari Szyan Yuysyan boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida muhokama qilindi.
Taqdim etilgan rejalarga ko‘ra, birinchi bosqichda sovitish uskunalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Keyinchalik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash quvvatlarini tashkil etish va zamonaviy sovutkichli omborlar qurish nazarda tutilgan.
Loyiha, shuningdek, logistika infratuzilmasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va mahalliy mutaxassislarni tayyorlashni ham o‘z ichiga oladi.
Tashabbus amalga oshirilishi natijasida viloyatda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash imkoniyatlari kengayishi kutilmoqda.
Bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining qo‘shilgan qiymatini oshirish va Farg‘ona viloyatining eksport salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilishi kerak.
Xayrullo Bozorov loyihani aniq reja asosida amalga oshirish, belgilangan vazifalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini taʼminlash zarurligini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar tashabbusni ilgari surish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlarni kelishib oldi.