Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yaponiya O‘zbekiston bilan hamkorlik doirasida mamlakat gaz taʼminoti infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun 90 ta zamonaviy gaz taqsimlash punktini taqdim etadi. Uskunalarning umumiy qiymati 3 mln dollarni tashkil etadi. Bu haqda “Hududgazta‘minot” AJ xabar berdi.
Loyiha “Hududgazta‘minot” AJ va Yaponiyaning ITO Corporation kompaniyasi o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlik doirasida amalga oshirilmoqda. Yaponiya tomoni joriy yilda ushbu uskunalarni grant sifatida O‘zbekistonga beg‘araz taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Ayni paytda mutaxassislar yangi gaz taqsimlash punktlarini o‘rnatish rejalashtirilayotgan hududlarni o‘rganmoqda. Jumladan, amaldagi gaz tarmoqlarining texnik holati, uskunalarni joylashtirish imkoniyatlari va ularni xavfsiz tarzda ishga tushirish shartlari baholanmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston va Yaponiya mutaxassislari yangi uskunalarni o‘rnatish uchun zarur bo‘lgan texnik talablar va tavsiyalarni kelishib olmoqda.
Loyihani amalga oshirish hududlarda gaz bosimini meʼyorlashtirish, gaz taʼminoti ishonchliligini oshirish va energetika resurslaridan yana-da samarali foydalanish imkonini berishi kutilmoqda.
Zamonaviy gaz taqsimlash punktlarini o‘rnatish isteʼmolchilarni tabiiy gaz bilan barqaror va xavfsiz taʼminlash imkoniyatlarini ham kengaytirishi kerak.
Loyiha O‘zbekiston va Yaponiyaning gaz taʼminoti infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish sohasidagi hamkorligining bir qismi hisoblanadi.