Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida quvvati 1,5 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish va uni yagona elektr energetika tizimiga ulash ishlari faol bosqichga o‘tmoqda. Loyihaning qiymati 2,6 milliard dollarni tashkil etadi. Loyiha Saudiya Arabistonining Acwa kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Loyiha qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida yangi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishni nazarda tutadi. Hududda shamol energetikasini rivojlantirish Qoraqalpog‘istonda cho‘l hududlarining kengligi va shamol salohiyatining yuqoriligi bilan bog‘liq.
Loyiha doirasida 1,4 ming kilometrdan ortiq yuqori kuchlanishli magistral elektr tarmoqlarini qurish, kuchlanishi 500 kV bo‘lgan uchta podstansiya barpo etish hamda yana ikkita podstansiyani modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.
Loyiha bosh direktori Behzod Zaripovning taʼkidlashicha, quvvati 1,5 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish zarur tarmoq infratuzilmasini yaratish ishlari bilan bir vaqtda amalga oshirilmoqda.
Loyihani amalga oshirish natijasida qariyb 1 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi ham ko‘zda tutilgan. Ularning barchasi mahalliy aholi vakillari uchun mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, mahalliylashtirish dasturi doirasida qariyb 750 million dollar mablag‘ni mahalliy korxonalar tomonidan mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Loyiha energetika va sanoat, investitsiyalar va bandlik o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, shuningdek, yangi texnologiyalarni joriy etish va mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirishni nazarda tutadi.
Loyihaning amalga oshirilishi Qoraqalpog‘istonning energetika quvvatlarini oshirishi, mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.