Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrining Akkurg‘on ko‘chasida kommunal infratuzilma tarmoqlarida taʼmirlash ishlari olib borilishi va yo‘lning ayrim qismi vaqtincha yopilishi munosabati bilan shahar avtobus yo‘nalishlarining harakat sxemasiga o‘zgartishlar kiritildi.
Toshkent shahar Transport boshqarmasi qator shahar avtobus yo‘nalishlarining harakat sxemalari vaqtincha o‘zgartirilganini maʼlum qildi.
2 va 136-sonli avtobus yo‘nalishlarining harakat masofasi vaqtincha qisqartiriladi. Ularning so‘nggi bekati «Gidrometeorologiya markazi» bekatiga ko‘chiriladi.
58 va 199-sonli yo‘nalishlar «NBU sport majmuasi» bekatigacha harakatlanadi.
88-sonli avtobus yo‘nalishi Katta Darxon, Kichik halqa yo‘li va Parkent ko‘chalari orqali aylanma yo‘nalishga o‘tkaziladi.
89 va 95-sonli yo‘nalishlar esa Osiyo, Akkurg‘on ko‘chalari, Mustaqillik shohko‘chasi hamda Parkent ko‘chalari orqali aylanma yo‘nalishda harakatlanadi.
Transport boshqarmasi qo‘shni ko‘chalarda transport oqimi qayta taqsimlanishi sababli tirbandliklar yuzaga kelishi, shuningdek, avtobuslar orasidagi intervallar uzayishi mumkinligidan ogohlantirdi. Zarur hollarda harakat sxemalari tezkor ravishda qayta ko‘rib chiqiladi.
Yo‘lovchilarga safarlarni oldindan rejalashtirish va imkoniyat bo‘lsa, muqobil yo‘nalishlardan foydalanish tavsiya etildi.