Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiyaning Mordoviya va Samara viloyatlarida jazo o‘tayotgan vatandoshlarning uch nafar voyaga yetmagan farzandi O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Bolalarni qaytarish O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi muvofiqlashuvi asosida Rossiya Federatsiyasining vakolatli organlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Diplomatlar ish jarayonida voyaga yetmaganlarning fuqaroligini aniqladi, ularning O‘zbekistonda yaqin qarindoshlari bor-yo‘qligini o‘rgandi hamda bolalar qaytarilganidan so‘ng qanday sharoitda bo‘lishini tekshirdi. Shuningdek, ularni repatriatsiya qilish uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirildi.
Barcha tartib-taomillar yakunlangach, Bosh konsulxona xodimlari bolalarni jazoni ijro etish muassasalari huzuridagi bolalar uylaridan olib, keyinchalik ularni Vatanga qaytarish uchun O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi vakillariga topshirdi.
Bosh konsulxona maʼlum qilishicha, Rossiyadagi jazoni ijro etish muassasalari huzuridagi bolalar uylaridan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan voyaga yetmaganlarni qaytarish bo‘yicha ishlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.