O‘zbekiston

Qamchiq dovoni hududida adashgan 17 kishi qutqarildi

Qamchiq dovoni hududida adashgan 17 kishi qutqarildi
Qamchiq dovoni hududida adashgan 17 kishi qutqarildi / Foto: FVV.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi tog‘li hududda adashib qolgan 17 nafar fuqaroga yordam ko‘rsatdi. Bu haqda FVV xabar berdi.

Hodisa haqidagi xabar 12 sentyabr kuni soat 21:27 da “112” tizimi orqali “Qamchiq” maxsus qutqaruv boshqarmasiga kelib tushgan.

Maʼlumotlarga ko‘ra, 17 nafar fuqaro «Toshkent — Osh» avtomobil yo‘lining «Vodiy — Toshkent» yo‘nalishidagi 107-kilometrida joylashgan “Chinor” mahallasi hududiga dam olish uchun borgan. Shundan so‘ng ular tog‘li hududda yo‘nalishni yo‘qotib, adashib qolgan.

Xabar olingach, hodisa joyiga qidiruv-qutqaruv bo‘linmalari yuborilgan. Qutqaruvchilar tog‘ yonbag‘irlarini tekshirib, 17 nafar fuqaroning barchasini aniqlagan.

Fuqarolar xavfli hududdan xavfsiz joyga olib chiqilgan va keyin yashash manzillariga yetkazib qo‘yilgan.

Hodisa oqibatida fuqarolardan hech biri jabrlanmagan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.