Toshkent metropolitenida poyezdlar oralig‘i qisqartiriladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent metropoliteni yangi o‘quv yili boshlanishi bilan barcha yo‘nalishlarda tig‘iz vaqtlarda poyezdlar harakati oralig‘ini qisqartiradi. Bu choralar taʼlim muassasalarida darslar boshlanishi ortidan yo‘lovchilar oqimi ko‘payishi kutilayotgani bilan bog‘liq. Bu haqda Toshkent metropoliteni matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, yangi o‘quv yilidan boshlab Toshkentdagi barcha oliy taʼlim muassasalarida birinchi smena darslari soat 08:00 da boshlanadi. Shu munosabat bilan metropoliten ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda jamoat transportiga tushadigan yuklama oshishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Chilonzor yo‘nalishida poyezdlar 1,5–2 daqiqalik interval bilan harakatlanadi, O‘zbekiston yo‘nalishida esa poyezdlar oralig‘i uch daqiqagacha qisqartiriladi. Yunusobod yo‘nalishida interval to‘rt daqiqagacha, Yer usti halqa yo‘nalishida esa 7–8 daqiqani tashkil etadi.
Metropolitenda yangi o‘quv yilida yo‘lovchilarga qulay, xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatishni taʼminlash maqsadida yo‘lovchilar oqimi ko‘payishiga tayyorgarlik ishlari ham olib borilmoqda.
Bundan tashqari, 2026 yil davomida Toshkent metropoliteni harakat tarkibini 14 ta zamonaviy poyezd tarkibi bilan to‘ldirish rejalashtirilgan. Hozirga qadar O‘zbekistonga 11 ta poyezd yetkazib berilgan, yana uchta poyezd tarkibi yaqin kunlarda kelishi kutilmoqda.