Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda soliq to‘lovchilar tegishli soliq organi qaroriga eʼtiroz bildirgan hollarda ularning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish tartibi o‘zgartirildi.
Bunday hollarda masala soliq organining arizasi asosida sudda ko‘rib chiqiladi. Ariza eʼtiroz taqdim etilganidan keyin uch kundan kechiktirmay berilishi kerak. O‘zgartishlar 2026 yil 20 oktyabrdagi O‘RQ-1183-son qonunda nazarda tutilgan. Bu haqda O‘zbekiston Adliya vazirligi xabar berdi.
«Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tartibga solish yukini kamaytirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda Soliq kodeksining 111 va 112-moddalariga, shuningdek, Iqtisodiy protsessual kodeksga tegishli o‘zgartishlar kiritilishi belgilangan.
Yangi normalarga muvofiq, soliq to‘lovchi yoki soliq agentining bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorni soliq organi rahbari yoki uning o‘rinbosari qabul qilishi mumkin.
Agar soliq to‘lovchi yoki soliq agenti ushbu qarorga rozi bo‘lmasa, soliq organi belgilangan uch kunlik muddatda tegishli ariza bilan sudga murojaat qilishi shart. Sud qarori qabul qilinguniga qadar bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatib turiladi.
Kiritilgan o‘zgartishlar cheklovlarni bekor qilish shartlarini ham belgilaydi. Agar soliq to‘lovchi yoki soliq agenti Soliq kodeksining 111-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan holatlarni bartaraf etsa, soliq organi 112-moddaga muvofiq operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorni bekor qiladi.
Bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishni bekor qilish uchun qo‘shimcha asos sifatida operatsiyalarni to‘xtatib turishni rad etish haqidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirishi ham belgilandi. Ushbu qoida Soliq kodeksining 112-moddasi birinchi qismiga kiritildi.
Iqtisodiy protsessual kodeksga kiritilgan o‘zgartishlar soliq organining bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi arizasiga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatini belgilaydi.
Ular qatoriga soliq to‘lovchining operatsiyalarni to‘xtatib turishga asos bo‘lgan qonunchilik talablarini buzganini tasdiqlovchi dalillar, soliq organining tegishli xabarnomasi soliq to‘lovchiga yuborilganini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek, qabul qilingan qaror yuzasidan soliq to‘lovchining eʼtirozi kiradi.
Qonun tadbirkorlarga nisbatan tartibga solish yukini kamaytirishga qaratilgan bo‘lib, bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish haqidagi qarorlar ustidan shikoyat qilishda yuzaga keladigan nizolarni sud tartibida ko‘rib chiqishni belgilaydi.
Hujjat rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.