Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xalq Sug‘urta sug‘urta kompaniyasi xususiylashtirishga tayyorgarlik doirasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) boshqaruviga o‘tkazildi.
Aksiyalarni o‘tkazishni «Xalq banki» kuzatuv kengashi 21 sentyabr kuni maʼqullagan. Bu haqda Yagona korporativ axborot portali maʼlumotlarida keltirilgan.
DABAga har birining nominal qiymati 1 000 so‘m bo‘lgan 80 million dona aksiya topshirildi. Ushbu paketning umumiy nominal qiymati 80 milliard so‘mni tashkil etadi.
Xalq Sug‘urta kompaniyasini sotish O‘zbekiston Prezidentining 28 avgustdagi farmonida nazarda tutilgan. Hujjatga muvofiq, 2026–2027 yillarda 62 ta korxonadagi davlatga tegishli aksiyalar paketlari va ulushlari ochiq savdolarga chiqarilishi belgilangan.
2026 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, sug‘urta kompaniyasining aktivlari 278,54 milliard so‘mga, ustav kapitali esa 80 milliard so‘mga yetgan. Yilning dastlabki olti oyida kompaniya 30,12 milliard so‘m daromad olgan, shundan 15,42 milliard so‘mi sof foyda hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Xalq Sug‘urta 2011 yil may oyida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Kompaniya hayotni sug‘urtalash bilan bog‘liq bo‘lmagan sug‘urta segmentida faoliyat yuritadi. Uning rahbari — Sobir Qurdasheyevich Mamasoliyev.
Sug‘urta kompaniyasi DABA boshqaruviga o‘tkazilganidan so‘ng, «Xalq banki»ning ustav kapitalidagi ulushi kamida 10 foizni tashkil etuvchi beshta shoʻba korxonasi qoldi.
Ushbu ro‘yxatga Xalq Lizing, Xalq Faktoring, Xalq mikromoliya tashkiloti, United Venchures va Perfect capital investment kompaniyalari kiradi.