Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Janubiy Koreya farmatsevtika ishlab chiqarishi hamda biotexnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan Smart Bio Cluster investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qildi.
Loyihani amalga oshirish masalalarini Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Koreyaning xorijiy infratuzilma va shaharlarni rivojlantirish korporatsiyasi (KIND) prezidenti Bok-xvan Kim ko‘rib chiqdi.
Tashrif doirasida Koreya delegatsiyasi klasterni tashkil etish uchun ajratilgan 60 gektarlik yer maydonini ko‘zdan kechirdi. Uchrashuv ishtirokchilari bo‘lajak majmua konsepsiyasi bilan tanishib, hududni tayyorlash, uni funksional zonalarga ajratish, ishlab chiqarish obyektlarini joylashtirish va zarur infratuzilmani barpo etish bilan bog‘liq amaliy masalalarni muhokama qildi.
Tashrif dasturidan O‘zbekistonning eng yirik farmatsevtika kompaniyalaridan biri — GrandPharm faoliyati bilan tanishish ham o‘rin oldi.
Kompaniya vakillari delegatsiyaga faoliyatning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, farmatsevtika logistikasi, mahsulotlarni ilgari surish, franchayzing, marketing va taʼlim dasturlari haqida maʼlumot berdi.
Muzokaralar loyihaning keyingi bosqichlarini kelishib olish hamda ikki mamlakat o‘rtasida farmatsevtika va biotexnologiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.
Smart Bio Cluster O‘zbekiston iqtisodiyotining tegishli yo‘nalishlarida zamonaviy ishlab chiqarishni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etish maydoni sifatida ko‘rib chiqilmoqda.