Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, sunʼiy intellektni joriy etish, mexanizatsiyani rivojlantirish va dronlardan foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Ushbu yo‘nalishlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Italiyaga tashrifi doirasida muhokama qilindi. Vazir Butunjahon oziq-ovqat forumida ishtirok etish uchun mamlakatga borgan. Uchrashuvda IFAD vitse-prezidenti D. Braun va tashkilotning O‘zbekistondagi vakili T. A. Monem ham qatnashdi. Bu haqda O‘zbekiston hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar O‘zbekistonda agrar islohotlarning borishi, shuningdek, «Agrobiznes uchun samarali yechimlar: yuqori daromad, investitsiyalar va barqarorlik» loyihasining amalga oshirilishi hamda uni rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
IFAD vitse-prezidenti O‘zbekistonning mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishdagi rolini taʼkidladi. U, shuningdek, tashkilotning Markaziy Osiyodagi yagona ofisi Toshkent shahrida joylashganini maʼlum qildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan grant loyihalari doirasida hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Ustuvor yo‘nalishlar qatoriga qishloq xo‘jaligida sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, sohani mexanizatsiyalash va uchuvchisiz texnologiyalardan foydalanish ko‘lamini kengaytirish kiritildi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston agrar sektorini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni davom ettirishga kelishib oldi.