Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Transport vazirligi latviyalik tadbirkorlar delegatsiyasi bilan transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, tranzit tashuvlari hajmini oshirish hamda ikki mamlakatning transport-logistika salohiyatidan foydalanish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.
Uchrashuv 6 oktyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Latviya delegatsiyasiga O‘zbekistondagi Latviya Respublikasi elchixonasi vakili Eviya Dumpe boshchilik qildi.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi transport-logistika hamkorligini yana-da rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Tranzit tashuvlari hajmini oshirish va ikki mamlakat transport tizimlari imkoniyatlaridan yana-da samarali foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Latviyalik tadbirkorlar O‘zbekiston hududida yangi logistika xablarini tashkil etishga qiziqish bildirdi. Ularning taklifiga ko‘ra, bunday markazlar O‘zbekiston mahsulotlarini Xitoy va Osiyoning boshqa mamlakatlari bozorlariga yetkazib berishni tashkil etish uchun xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, Osiyo mamlakatlaridan Latviya va Yevropaning boshqa davlatlari bozorlariga yuklarni O‘zbekiston orqali yetkazib berish imkoniyati muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Latviya tomoni temir yo‘l va aviatsiya transporti sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator takliflarni ham taqdim etdi.
Tomonlar Markaziy Osiyo, Osiyo va Yevropa o‘rtasida transport yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirish bilan bog‘liq istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.