Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi va mamlakatning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulligi Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan 2026 yil 16 oktyabrda Sennoy bozori va unga tutash hududlarda o‘tkazilgan tekshiruvlardan keyingi vaziyatni kuzatib bormoqda. Bu haqda O‘zbekiston Migratsiya agentligi xabar berdi.
Mavjud maʼlumotlarga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari xorijiy fuqarolarning Rossiyada qonuniy bo‘lib turishi va mehnat faoliyatini amalga oshirishiga oid hujjatlarini tekshirgan. Shuningdek, Rossiya fuqaroligini olgan shaxslarning harbiy hisobda turish-turmasligi ham aniqlangan. Tekshiruvlar davomida bozor hududidan chiqish vaqtincha cheklangan.
Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulligi bilan birgalikda respublika fuqarolari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.
Idora maʼlum qilishicha, O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgani aniqlangan taqdirda, ularni himoya qilish uchun tegishli choralar ko‘riladi.
Huquqiy yordamga muhtoj vatandoshlar Moskvadagi Migratsiya agentligi vakolatxonasining +7 495 803-40-00 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin. Shuningdek, @huquqiyyordamuzbot Telegram-boti orqali sutka davomida, yaʼni 24 soat mobaynida yordam olish imkoniyati mavjud.
Migratsiya agentligi O‘zbekiston fuqarolarini bo‘lib turgan va mehnat qilayotgan mamlakatning migratsiya qonunchiligiga rioya etishga chaqirdi.