7
O‘zbekiston

Saida Mirziyoyeva energetika sohasidagi investorlar kengashiga rahbarlik qiladi

Saida Mirziyoyeva energetika sohasidagi investorlar kengashiga rahbarlik qiladi
Saida Mirziyoyeva energetika sohasidagi investorlar kengashiga rahbarlik qiladi / Foto: O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar kengashi tashkil etiladi. U energetika loyihalarini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etish bilan shug‘ullanadi. Yangi tuzilmaga Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchilik qiladi.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning energetika sohasida faoliyat yuritayotgan investorlar bilan ochiq muloqoti yakunlari bo‘yicha maʼlum bo‘ldi.

Davlat rahbari ushbu sohadagi loyihalarni amalga oshirish katta miqdordagi sarmoyalar va rivojlangan infratuzilmani talab qilishini taʼkidladi. Yer uchastkalarini ajratish, elektr tarmoqlariga ulash va texnik shartlarni berishdagi kechikishlar obyektlar qurilishi hamda ularni foydalanishga topshirish jarayonini sezilarli darajada sekinlashtirishi mumkin.

Acwa, Datavolt, EDF va Voltalia kabi yirik xalqaro kompaniyalar vakillari yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish uchun doimiy hamkorlik mexanizmini yaratish taklifini ilgari surdi.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, kengashning tashkil etilishi investorlar va Prezident o‘rtasidagi muloqotni yana-da to‘g‘ridan-to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yishi kerak. Shuningdek, u byurokratik to‘siqlar va korrupsiya hanuzgacha bartaraf etilishi lozim bo‘lgan muammolar qatorida qolayotganini tan oldi.

«Kengashning asosiy vazifasi — sizlarni eshitish», — dedi Prezident. Uning tushuntirishicha, yangi tuzilmani tashkil etishdan maqsad shunday to‘siqlarning oldini olish va loyihalarni amalga oshirish jarayonini tezlashtirishdan iborat.

Kengash investorlarning muammolarini yer uchastkasini rasmiylashtirishdan tortib, tayyor obyektni ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda ko‘rib chiqadi.

Prezident yangi tuzilma faoliyati uning doimiy nazoratida bo‘lishini taʼkidladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.