7
O‘zbekiston

O‘zbekistonlik neyroxirurglar Yaponiyada malaka oshiradi

O‘zbekistonlik neyroxirurglar Yaponiyada malaka oshiradi
O‘zbekistonlik neyroxirurglar Yaponiyada malaka oshiradi / Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston neyroxirurglar va neyroreabilitatsiya mutaxassislarini Yaponiyaning yetakchi klinikalariga o‘qish va malaka oshirish uchun yuborishni rejalashtirmoqda. Bu masala O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilovning Yaponiya–O‘zbekiston «Ipak yo‘li» jamg‘armasi (JUSRF) Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi Kenichi Matsumoto bilan uchrashuvida muhokama qilindi.

Tomonlar tibbiyot, tibbiy taʼlim va farmatsevtika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Muhokamaning asosiy mavzularidan biri Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ishtirokida amalga oshirilayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish loyihasi bo‘ldi.

Loyihaning umumiy qiymati 150 million dollarni tashkil etadi, uni amalga oshirish 2025–2032 yillarga mo‘ljallangan. Loyiha Nevrologiya va neyroreabilitatsiya milliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash, Samarqand va Buxoro tibbiyot oliy taʼlim muassasalari klinikalari uchun uskunalar yetkazib berish, shuningdek, tegishli yo‘nalishlardagi mutaxassislarni tayyorlashni nazarda tutadi.

Eldor Adilov O‘zbekiston shifokorlarining Yaponiya klinikalarida taʼlim olishi, qo‘shma taʼlim dasturlari va o‘rta tibbiyot xodimlari uchun stajirovkalar tashkil etilishidan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Zamonaviy texnologiyalar, amaliy ko‘nikmalar va bemorlarni parvarishlash usullarini o‘zlashtirishga alohida eʼtibor qaratish rejalashtirilgan. Vazir, shuningdek, jamg‘arma Yaponiyaning tegishli muassasalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashishidan umid bildirdi.

Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari farmatsevtika sohasidagi hamkorlik masalalarini ham muhokama qildi. Xususan, O‘zbekistonda Yaponiyaning vakolatli organlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalari va tibbiy uskunalarni belgilangan tartibda tan olish hamda tegishli talablarga rioya qilish asosida ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmi nazarda tutilgan.

Muzokaralar yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.