7
Iqtisod

Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda 5 mingta avtomobil bilan taksi xizmatini yo‘lga qo‘ymoqchi

Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda 5 mingta avtomobil bilan taksi xizmatini yo‘lga qo‘ymoqchi
Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda 5 mingta avtomobil bilan taksi xizmatini yo‘lga qo‘ymoqchi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoy kompaniyasi O‘zbekiston taksi bozoriga kirish, safarlarga buyurtma berish uchun o‘z mobil ilovasini ishga tushirish va 5 mingta avtomobilni yo‘nalishga chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 16 oktyabr kuni transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov Spot nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi.

«Bozorga 5 mingta avtomobilni chiqarish va o‘z ilovasini ishga tushirishni rejalashtirayotgan Xitoy kompaniyasi bor», — dedi Omarov. Uning aniqlik kiritishicha, gap yaqin vaqt ichida faoliyatini boshlashni rejalashtirayotgan yangi bozor ishtirokchisi haqida ketmoqda.

Yangi taksi xizmatining bozorga kirish rejalari amaldagi taksi buyurtma qilish platformalari ishidagi uzilishlar fonida muhokama qilinmoqda. 11 oktyabr kuni O‘zbekistonda Yandex Go xizmatida keng ko‘lamli texnik nosozlik yuz berdi. Buning oqibatida ko‘plab foydalanuvchilar avtomobil buyurtma qila olmadi va o‘z rejalarini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.

Nosozlikka Rossiyadagi kompaniya maʼlumotlar markazining favqulodda to‘xtashi sabab bo‘lgan. Maʼlumotlar markazi dronlar hujumi oqibatida shikastlangan. Yagona taqsimlangan infratuzilmadan foydalanilgani tufayli muammolar “Yandeks”ning boshqa mamlakatlardagi, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi ilovalariga ham taʼsir ko‘rsatgan.

Ushbu uzilish fonida foydalanuvchilar muqobil taksi xizmatlariga ko‘proq murojaat qila boshladi. Spot maʼlumotlariga ko‘ra, 11–13 oktyabr kunlari Uklon xizmatidagi buyurtmalar soni taqqoslanadigan kunlardagi o‘rtacha ko‘rsatkichlarga nisbatan ikki-uch baravarga oshgan. MyTaxi xizmatidan foydalanish bo‘yicha buyurtmalar soni esa 15 baravarga ko‘paygan.

Hozircha Xitoy kompaniyasining nomi, xizmatni ishga tushirish muddati va safarlar uchun mo‘ljallanayotgan tariflar oshkor etilmagan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.