Shoshilinch
Iqtisod

Suyultirilgan gaz narxini 5 000 so‘m etib belgilash taklif qilindi

Suyultirilgan gaz narxini 5 000 so‘m etib belgilash taklif qilindi
Suyultirilgan gaz narxini 5 000 so‘m etib belgilash taklif qilindi / Foto: Surat sun'iy intellekti tomonidan yaratilgan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 1 noyabrdan aholi uchun suyultirilgan gazning chakana narxini QQS bilan bir kilogramm uchun 5 000 so‘m etib belgilash taklif qilinmoqda.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalarga xarid qilingan har bir kilogramm gaz uchun 3 000 so‘mdan kompensatsiya beriladi. Bunda kompensatsiya oyiga ko‘pi bilan 20 kilogramm gaz uchun to‘lanadi.

Bu choralar Vazirlar Mahkamasining jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qarori loyihasida nazarda tutilgan. Bu haqda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali xabar berdi.

Hujjat Prezidentning 2026 yil 12 sentyabrdagi PQ-326-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tayyorlangan. Ushbu qaror aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash tizimini isloh qilish va bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etishga qaratilgan. Mazkur qaror bilan “Hududgaztaʼminot” AJga tegishli “LPG-Trade” MCHJ ham tashkil etilgan.

Loyihada “LPG-Trade” va loyihada ishtirok etuvchi tadbirkorlar uchun aholiga gaz yetkazib berish xizmati bo‘yicha QQS bilan bir kilogramm uchun 1 300 so‘m miqdorida eng yuqori narx belgilanmoqda. “LPG-Trade”ning xarajatlari respublika byudjeti hisobidan qoplanadi.

Subsidiya miqdori chakana narx bilan gazning birja narxi va operator ustamasi yig‘indisi o‘rtasidagi farqdan, QQSni hisobga olmagan holda, kelib chiqib belgilanadi. Uning miqdori har oyda amalda yetkazib berilgan gaz hajmlari asosida hisoblanadi. Import gazi uchun o‘tgan oydagi o‘rtacha birja narxi hisobga olinadi.

Operator hisob-kitoblarni keyingi oyning 5-sanasiga qadar Energetika vazirligiga taqdim etadi. Vazirlik ularni uch ish kuni ichida tekshirib, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuboradi. Ushbu vazirlik esa besh ish kuni davomida mablag‘larni operator hisobvarag‘iga o‘tkazadi.

Agar operator ishonchsiz maʼlumotlarni taqdim etgani yoki mablag‘lardan maqsadsiz foydalangani aniqlansa, ular byudjetga qaytarilishi kerak bo‘ladi.

Kompensatsiya 2030 yil 1 yanvarga qadar to‘lanadi. Uning miqdori bir oila uchun oyiga 60 ming so‘mgacha bo‘ladi.

To‘lovni olish huquqiga Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar ega bo‘ladi. Shuningdek, reyestrga kiritilmagan, ammo uning mezonlariga javob beradigan va har bir oila aʼzosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan oilalar ham kompensatsiya olishi mumkin. Oilada yetim bolalar yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashasa ham kompensatsiya to‘lanadi.

Arizani davlat xizmatlari markazlari, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, mahalladagi ijtimoiy xodim, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali topshirish mumkin bo‘ladi. Xizmat bepul ko‘rsatiladi.

To‘lov olish huquqi oila va gaz xaridi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni solishtirish orqali avtomatik tarzda tekshiriladi. Belgilangan shartlar bajarilsa, kompensatsiya ariza berilgan oydan boshlab tayinlanadi va ijtimoiy kartaga o‘tkaziladi.

Keyingi to‘lovlar har oyda qayta ariza berish talabisiz amalga oshiriladi. Kompensatsiyani rad etishga faqat ikki holatda yo‘l qo‘yiladi: oila to‘lov oluvchilar toifasiga kirmasa yoki ariza berilgan oyda gaz xarid qilmagan bo‘lsa.

Buning uchun “Hududgaztaʼminot” AJ va Ijtimoiy himoya milliy agentligi 2026 yil 1 noyabrga qadar «E-gaz Billing» axborot tizimini «Yagona milliy ijtimoiy himoya» tizimi bilan integratsiya qilishi kerak.

Loyihaning alohida bandi bitta xonadonda ikki yoki undan ortiq oila yashaydigan uylarga taalluqli. Istisno tariqasida, bunday holatlarda uy-joyning kadastr raqami bitta bo‘lsa ham, har bir oilaga alohida maishiy gaz balloni berishga ruxsat etiladi.

Buning uchun xonadonda texnik talablarga javob beradigan gaz plitasi — alohida yoki umumiy — hamda oshxona bo‘lishi kerak. «Mahalla yettiligi» va gaz taʼminoti xodimlari ushbu shartlarni joyiga chiqib tekshiradi hamda dalolatnoma rasmiylashtiradi.

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tovar-xomashyo birjalarida suyultirilgan gaz narxlarining sunʼiy ravishda oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun doimiy nazoratni yo‘lga qo‘yishi lozim.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2027 yil 1 mayga qadar suyultirilgan gazning tartibga solinadigan narxlarini erkinlashtirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.