Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning texnologik kompaniyalari O‘zbekistonda o‘z ishtirokini kengaytirish va mahalliy ofislar ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
14 oktyabr kuni IT Park Uzbekistan vakillari Qianfan Tuohai Consulting Services (Shenzhen) Co., Ltd. delegatsiyasi bilan O‘zbekiston bozoriga kirish istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi maʼlum qildi.
Muzokaralar davomida xitoylik ishtirokchilar o‘z ishlanmalari va faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini taqdim etdi.
Tomonlar O‘zbekistonda biznes yuritish bilan bog‘liq amaliy masalalarni, jumladan, yuridik shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ofis binolarini tanlash hamda IT Park Uzbekistan tomonidan xorijiy kompaniyalar uchun taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rib chiqdi.
Mingshang Technology Co., Ltd. va Shenzhen Jurui Cloud Control Technology Co., Ltd. kompaniyalari mamlakatda mahalliy tuzilmalar tashkil etishga qiziqish bildirdi. Kompaniya vakillari O‘zbekistonda faoliyat yuritishning mumkin bo‘lgan shakllari va IT Park Uzbekistan bilan hamkorlik istiqbollarini o‘rgandi.
IT Park Uzbekistan Eksportni rivojlantirish departamenti direktori Jahongir Qodirov delegatsiyaga milliy IT-ekotizimning holati va xorijiy texnologik investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari infratuzilmasini rivojlantirish va raqamli texnologiyalar sohasidagi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari alohida muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston va Qozog‘iston ishtirokida amalga oshirilayotgan Khan Tengri Innovation Hub tashabbusini ham ko‘rib chiqdi.
Loyiha Markaziy Osiyo texnologik kompaniyalarining Xitoy shaharlari, jumladan, Shenchjen bozoriga chiqishiga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishiga va Xitoy texnologik kompaniyalari orasidan hamkorlar topishiga ko‘maklashishga qaratilgan.
Muzokaralar yakunida tomonlar biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, ofis maydonlarini tanlash va xorijiy kompaniyalar uchun mavjud qo‘llab-quvvatlash vositalaridan foydalanish masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Muhokamalar Xitoy IT-kompaniyalarining O‘zbekistonda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishini tashkil etish bilan bir qatorda, raqamli yechimlarni ishlab chiqish va joriy etish sohasidagi ehtimoliy hamkorlikni ham qamrab oldi.