Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi shahar avtobuslarida yo‘l haqi to‘langanini nazorat qilish vaqtida validatorlarni vaqtincha bloklash tartibini tushuntirdi.
Tushuntirish ijtimoiy tarmoqlarda qurilmalarning vaqtincha bloklangani haqida tarqalgan maʼlumotlar munosabati bilan eʼlon qilindi.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 3 iyundagi 276-son qaroriga muvofiq, 1 sentyabrdan avtomatlashtirilgan yo‘l haqini to‘lash tizimi bilan jihozlangan shahar avtobuslarida yo‘lovchilar avtobusga kirish vaqtida yo‘l haqini to‘lashlari shart.
Imtiyozli yoki bepul yo‘l haqida yurish huquqiga ega bo‘lgan yo‘lovchilar ushbu huquqni belgilangan tartibda tasdiqlashlari kerak.
Transport boshqarmasida taʼkidlanishicha, validatorlarni vaqtincha bloklash mazkur talablarga rioya etilishini nazorat qilish doirasida qo‘llaniladi.
Ushbu chora to‘lov intizomi va yo‘l haqini to‘lash madaniyatini oshirish, shuningdek, yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lash ko‘nikmasini shakllantirishga qaratilgan.
Validatorlarni vaqtincha bloklash tartibi transport vazirining 2026 yil 16 yanvardagi 14-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Yo‘riqnomada belgilangan.
Vazirlik taʼkidlashicha, vaqtincha bloklashning asosiy maqsadi yo‘lovchilarni jarimaviy javobgarlikka tortish emas, balki avtobusga kirish vaqtida yo‘l haqini to‘lash talabiga rioya etilishini taʼminlash va to‘lov madaniyatini oshirishdan iborat.
Shu bilan birga, validatorlarning soz ishlashini taʼminlash, yo‘lovchilarning qurilmalardan erkin foydalanishi va yo‘l haqini to‘lash uchun yana-da qulay sharoitlar yaratishga oid takliflar inobatga olinadi.