Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — NEW SILK WAY xalqaro biznes-forumi ishtirokchilari O‘rta koridorni rivojlantirish, yuk tashish samaradorligini oshirish va mintaqaviy transport aloqalarini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Forum doirasida Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini (TXTY) rivojlantirish va uning tranzit salohiyatini oshirishga bag‘ishlangan panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Muhokamada O‘zbekiston va Qozog‘iston transport idoralari, Jahon banki hamda biznes vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston nomidan Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov qatnashdi. Qozog‘iston vakili sifatida Transport vazirligining Temir yo‘l va suv transporti qo‘mitasi raisi Nurjan Kelbuganov ishtirok etdi. Shuningdek, muhokamada Jahon bankining Qozog‘iston va Turkmaniston bo‘yicha direktori Andrey Mixnev ham qatnashdi.
Jahon banki tomonidan tashkil etilgan sessiya transport-logistika xizmatlari sifatini oshirish, chegaradagi tartib-taomillarni soddalashtirish, xalqaro savdoga ko‘maklashish va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi transport aloqalarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilarga, shuningdek, Jahon bankining Transkaspiy transport koridorida savdo logistikasini rivojlantirishga bag‘ishlangan hisoboti taqdim etildi.
Tashish jarayonlarini raqamlashtirish, elektron hujjat aylanishini joriy etish va temir yo‘l maʼmuriyatlarining axborot tizimlarini integratsiya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu yo‘nalishlar xalqaro yuk tashish samaradorligini oshirish vositalari sifatida qaralmoqda.
Muhokama ishtirokchilari O‘rta koridorni yana-da rivojlantirish uchun nafaqat infratuzilmani kengaytirish, balki tashish xizmatlarining ishonchliligi, muntazamligi va raqobatbardoshligini ham oshirish zarurligini taʼkidladi.