Iqtisod

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar «Yangi Toshkent» aeroporti qurilishiga jalb qilinadi

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar «Yangi Toshkent» aeroporti qurilishiga jalb qilinadi
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar «Yangi Toshkent» aeroporti qurilishiga jalb qilinadi / Foto: O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «Yangi Toshkent» xalqaro aeroporti qurilishiga mahalliy ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish imkoniyatlariga bag‘ishlangan Road Show tadbirida 120 dan ortiq mahalliy korxona ishtirok etdi.

Tadbir 3 oktyabr kuni yangi xalqaro aeroport qurilishi loyihasi doirasida o‘tkazilib, O‘zbekiston Transport vazirligi, Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi hamda Larsen & Toubro kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.

Ishtirokchilarga loyiha, uning texnik xususiyatlari, qurilish ishlarining taxminiy hajmi, xarid qilinadigan tovarlar va xizmatlar, shuningdek, pudrat tashkilotlariga qo‘yiladigan talablar haqida maʼlumot berildi.

Tadbirning asosiy maqsadi yirik infratuzilma loyihasini amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar va subpudratchilar ishtirokini kengaytirish hamda ularning xalqaro pudratchilar bilan hamkorligini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Road Show davomida mahalliy kompaniyalarning ishlab chiqarish quvvatlari va texnik imkoniyatlari muhokama qilindi, ularning takliflari ko‘rib chiqildi hamda kooperatsiyaning ehtimoliy yo‘nalishlari belgilandi.

Tashkilotchilar, shuningdek, loyiha doirasida tovarlar yetkazib berish, xizmatlar ko‘rsatish va pudrat ishlarini bajarishda ishtirok eta oladigan kompaniyalarni aniqlash maqsadida mahalliy korxonalarning tajribasi va ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganishni rejalashtirmoqda.

«Yangi Toshkent» xalqaro aeroporti loyihasi Toshkent viloyatidagi 1 310 gektar maydonda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqich qurilishiga investitsiyalar hajmi 2,7 mlrd AQSH dollarini tashkil etadi.

Birinchi bosqichda aeroport yiliga 20 mln nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallanadi. Keyinchalik uning o‘tkazish quvvatini 46 mln nafar yo‘lovchiga yetkazish rejalashtirilgan.

Yo‘lovchi majmuasidan tashqari, loyiha yuk terminali, dispetcherlik minorasi, havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish (MRO) va keytering obyektlari, shuningdek, zamonaviy navigatsiya va meteorologiya tizimlarini qurishni ham nazarda tutadi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilarni loyihaga jalb qilish mahalliylashtirish ulushini kengaytirish, yangi kooperatsiya aloqalarini yaratish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish va ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish imkoniyati sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

Shu bilan birga, xalqaro infratuzilma loyihasida ishtirok etish mahalliy korxonalar uchun yirik xalqaro pudratchilar bilan hamkorlik qilish va o‘z kompetensiyalarini kengaytirish imkoniyatlarini yaratishi mumkin.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.