Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov davlat muassasalari va yirik biznes vakillaridan iborat, Ueda Kiyosi boshchiligidagi Yaponiya delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Delegatsiya tarkibidan savdo va mehmonxona biznesi sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ham o‘rin oldi.
Tashrif doirasida Yaponiya vakillari Quva tumanidagi «Quva Agro Star» MCHJga borib, korxona faoliyati bilan tanishdi.
Mehmonlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan tortib, ularni saralash, qayta ishlash va qadoqlashgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish jarayoni namoyish etildi. Shuningdek, mahsulotlarni sotuvga tayyor holatga keltirish jarayoni alohida ko‘rsatib berildi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotgani taʼkidlandi.
Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha Yaponiya tajribasini o‘rganish, shuningdek, turli sohalarda qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlarni o‘zlashtirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam aloqalar va muloqot ikki tomonlama munosabatlarni yana-da rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ham qayd etdi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, Farg‘ona viloyati va Yaponiya tomoni o‘rtasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilab olindi.