O‘zbekiston

Sietlda o‘zbekistonliklar va amerikaliklar hashar o‘tkazdi

Sietlda o‘zbekistonliklar va amerikaliklar hashar o‘tkazdi
Sietlda o‘zbekistonliklar va amerikaliklar hashar o‘tkazdi / Foto: Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — AQSHning Vashington shtatidagi Sietl shahrida joylashgan “Toshkent” bog‘ida o‘zbek jamoatchiligi va amerikalik do‘stlar birgalikda hashar o‘tkazib, hududni obodonlashtirdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.

Tashabbusni O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi tashkil etdi.

Tadbir ishtirokchilari hududni tozalash va bog‘da ozodalikni saqlashga eʼtibor qaratdi. Birgalikdagi mehnat natijasida hudud tartibga keltirilib, yana-da obod ko‘rinishga ega bo‘ldi.

Tadbir nafaqat obodonlashtirish aksiyasi, balki muloqot maydoni ham bo‘ldi. Ishtirokchilar bir-biri bilan tanishdi, suhbatlashdi va birgalikda vaqt o‘tkazdi.

Mehnatdan so‘ng esa barcha milliy taomimiz — osh atrofida jam bo‘ldi.

Toshkent shahar hokimligida bunday tashabbuslar insonlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va hashar anʼanasini O‘zbekiston hududidan tashqarida ham keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Vazirlik maʼlumotlariga ko‘ra, Sietldagi tadbir o‘zbek jamoatchiligi va mahalliy aholi vakillarining birgalikdagi mehnatiga misol bo‘ldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.