Madaniyat

Toshkentda oktyabr oyida Golden Globes Silk Road Gala o‘tkaziladi

Toshkentda oktyabr oyida Golden Globes Silk Road Gala o‘tkaziladi
Toshkentda oktyabr oyida Golden Globes Silk Road Gala o‘tkaziladi / Foto: O'zbekiston Madaniyat vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda 2026 yil oktyabr oyida Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi mamlakatlarining kino va televideniye sohasidagi hamkorligini rivojlantirishga bag‘ishlangan «Golden Globes Silk Road Tribute Gala» xalqaro tadbiri o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi xabar berdi.

Tadbirga tayyorgarlik masalalari 24 sentyabr kuni Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning Rossiyaning LETO Production kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvida muhokama qilindi.

Muzokaralarda xalqaro yo‘nalish va maxsus xalqaro loyihalar uchun masʼul Darya Bogdanova va Viktoriya Noviskaya ishtirok etdi.

Tomonlar Toshkentda tadbirni tashkil etish va o‘tkazish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Ularning baholashicha, mazkur maydon Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarining kino va televideniye sohasidagi ijodiy yutuqlarini xalqaro miqyosda ilgari surishga, shuningdek, industriya vakillari o‘rtasida professional aloqalarni kengaytirishga xizmat qilishi kerak.

Kinoindustriya sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Madaniyat vazirligi tadbirga tayyorgarlik ko‘rishda ko‘maklashuvchi tomon sifatida ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Tashkiliy ishlarning asosiy qismi xalqaro tashkilotchilar zimmasiga yuklanishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, tashkiliy masalalar bo‘yicha masʼul muassasa sifatida Kinematografiya agentligini belgilash imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.

Madaniyat vazirligida taʼkidlanishicha, «Golden Globes Silk Road Tribute Gala» tadbirining Toshkentda o‘tkazilishi O‘zbekistonning madaniy va kinematografik salohiyatini xalqaro auditoriyaga taqdim etish, shuningdek, mamlakatning turistik imkoniyatlarini targ‘ib qilish va kino sohasida yangi xalqaro hamkorliklarni rivojlantirish imkonini beradi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.