Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonlik tadbirkorlar delegatsiyasi CONSTRUCT IRAQ 2026 xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun Erbil shahriga yetib bordi. Biznes-missiya O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Savdoni rivojlantirish kompaniyasi tashabbusi bilan 22–25 sentyabr kunlari tashkil etildi.
Delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston biznes vakillari hamda tadbir tashkilotchilari o‘rin oldi. Yaqin kunlarda ular xorijiy kompaniyalar bilan ishbilarmonlik uchrashuvlari va muzokaralar o‘tkazadi, shuningdek, yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini o‘rganadi.
Biznes-missiya doirasida O‘zbekistonlik tadbirkorlar potensial xaridorlar va hamkorlar bilan B2B uchrashuvlarda ishtirok etadi. Asosiy eʼtibor yangi ishbilarmonlik aloqalarini izlash, eksportni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasiga qaratiladi.
Ishtirokchilar, shuningdek, Iroq bozorining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganadi va yangi loyihalarni amalga oshirish hamda savdo hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar olib boradi.
CONSTRUCT IRAQ 2026 qurilish va sanoat sohasidagi yirik xalqaro ko‘rgazma maydonlaridan biri hisoblanadi. Bu yil tadbir 17 ming kvadrat metr maydonda o‘tkaziladi, unda 400 dan ortiq xalqaro kompaniya va tashkilot ishtirok etishi kutilmoqda.