Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ AQSHning Arizona shtatidagi Chandler shahridan Qozog‘istonning Olmaota shahriga maxsus texnika ortilgan 40 futlik oltita konteynerni multimodal tashishni tashkil etdi.
Yo‘l qurilishi uchun mo‘ljallangan texnika ortilgan konteynerlar Chandlerdan Los-Anjeles portiga avtomobil transporti orqali yetkazib berildi. Shundan so‘ng yuk dengiz transportida 19 kun ichida Xitoyning Sindao portiga yetkazildi.
Keyingi bosqichda konteynerlar temiryo‘l transporti orqali Qozog‘istondagi Olmaota-1 stansiyasiga jo‘natiladi.
Mazkur tashish O‘ztemiryo‘lkonteyner kompaniyasining xalqaro logistika bozoridagi imkoniyatlarini kengaytirish va «eshikdan eshikkacha» tamoyili asosida kompleks xizmatlarni rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.