O‘zbekistonda soliqlarni to‘lash haqida SMS xabarlar yuborilmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda soliq to‘lovchilarga joriy yil uchun hisoblangan mol-mulk va yer solig‘i summalari haqida maʼlumot beruvchi SMS xabarlar yuborila boshlandi.
Ularni to‘lashning oxirgi muddati 15 oktyabr etib belgilangan.
Xabarda “Batafsil” va “To‘lash” tugmalari mavjud. “Batafsil” tugmasi tanlanganda, foydalanuvchi obyekt manzili, uning maydoni, kadastr qiymati, soliq stavkasi va hisoblangan soliq summasi haqidagi maʼlumotlar ko‘rsatilgan to‘lov xabarnomasini yuklab olishi mumkin.
Hujjatda, shuningdek, soliq organining masʼul xodimi bilan bog‘lanish uchun telefon raqami va boshqa maʼlumotlar ham ko‘rsatilgan.
“To‘lash” tugmasi “Soliq” mobil ilovasi joylashgan platformaga olib o‘tadi. Agar ilova telefonga avvaldan o‘rnatilgan bo‘lsa, to‘lovni «Soliqlarni to‘lash» bo‘limi orqali amalga oshirish mumkin. Ilova mavjud bo‘lmasa, uni ochilgan platforma orqali yuklab olish mumkin.
Agar to‘lov xabarnomasidagi maʼlumotlar haqiqiy maʼlumotlarga mos kelmasa, fuqarolar kadastr organlariga murojaat qilishi lozim. Bu ko‘chmas mulk obyektining maydoni, uning kadastr qiymati yoki egallangan yer maydoni noto‘g‘ri ko‘rsatilgan holatlarga taalluqli. Shuningdek, xabarnomada ko‘rsatilgan ko‘chmas mulk obyekti fuqaroga tegishli bo‘lmagan taqdirda ham murojaat qilish zarur.
Soliq organlari SMS xabarining kim tomonidan yuborilganiga alohida eʼtibor qaratish zarurligidan ogohlantirmoqda. Xabarlar Soliq.uz nomidan, Perfectum abonentlariga esa 6079 raqamidan yuboriladi.
Boshqa raqamlar yoki manzillardan kelgan SMS xabarlar soliq organlariga tegishli emas.