Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Xitoyning Shixeszi shahri savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va boshqa sohalarda yangi loyihalarni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
Ushbu masalalar 19 oktyabr kuni Shixeszi delegatsiyasining O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan uchrashuvida muhokama qilindi. Uchrashuvda Palata raisining maslahatchisi Alisher Shayxov ishtirok etdi.
Xitoy delegatsiyasiga Shixeszi shahri meri o‘rinbosari Din I boshchilik qildi. Delegatsiya tarkibidan, shuningdek, shahar savdo boshqarmasi rahbari Kan Chuni hamda qishloq xo‘jaligi, sanoat, tibbiyot, savdo, oziq-ovqat sanoati va turizm sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar vakillari o‘rin oldi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Xitoylik hamkorlarga O‘zbekistonning ishlab chiqarish va logistika imkoniyatlari taqdim etildi. Xususan, mahalliy korxonalar bilan xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish taklif qilindi.
Shixeszi vakillari paxtachilik, to‘qimachilik sanoati, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalaridan foydalanish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish va muqobil energetikani rivojlantirish borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Xitoy tomoni, shuningdek, o‘zbekistonlik fermerlar uchun amaliy taqdimotlar tashkil etishni taklif qildi.
Uchrashuvda tibbiy uskunalar ishlab chiqarish, teletibbiyot, qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, metallurgiya va logistika sohalarida hamkorlik qilish imkoniyatlari ham alohida muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar bildirilgan tashabbuslarni muhokama qilishni davom ettirish va o‘zaro manfaatli aniq loyihalarni ishlab chiqishga kelishib oldi.