Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyati delegatsiyasi AQSHning Oppenheimer & Co. investitsiya banki vakillari bilan xalqaro kapital bozorlaridan 300 mln dollar jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qildi.
«Andijon Invest kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati tomonidan xalqaro korporativ obligatsiyalar — yevroobligatsiyalar chiqarish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Muzokaralar davomida tomonlar moliyalashtirishni jalb qilish mexanizmlari, obligatsiyalarni xalqaro investorlarga taqdim etish tartibi va moliyaviy instrumentlardan samarali foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, tashabbusni amalga oshirishning keyingi bosqichlari muhokama qilindi.
Loyiha Andijon viloyatining investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish, xalqaro moliya bozorlari bilan aloqalarni mustahkamlash va istiqbolli loyihalar uchun qo‘shimcha mablag‘lar jalb qilishga qaratilgan.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar kelishilgan yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirish va loyihani amalga oshirishning amaliy jihatlarini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.
Xabarda yevroobligatsiyalarni chiqarishning ehtimoliy shartlari va mablag‘larni jalb qilish muddatlari aniqlashtirilmagan.