Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekistonda 69,6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,4 foizga ko‘p.
Shu bilan birga, elektr energiyasi eksporti 21,4 foizga oshdi, importi esa 27,2 foizga qisqardi. Bu haqda Energetika vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Obidjon Dilmurodov brifingda maʼlum qildi.
To‘qqiz oy davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 5,4 mlrd kVt·soatga ko‘paydi. Shundan 49,1 mlrd kVt·soat elektr energiyasi issiqlik elektr stansiyalarida, 10,5 mlrd kVt·soat yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarida, 6,6 mlrd kVt·soat gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarildi. Kichik quyosh elektr stansiyalari 2,5 mlrd kVt·soat, blokli elektr stansiyalari esa 867,1 mln kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berdi.
Yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyidayoq 2025 yil davomida ishlab chiqarilgan hajmga teng elektr energiyasi ishlab chiqardi — 10,5 mlrd kVt·soat. Hisobot davrida gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarish ham 2025 yilning yillik ko‘rsatkichidan oshib, 6,6 mlrd kVt·soatni tashkil etdi. O‘tgan yilda bu ko‘rsatkich 6,5 mlrd kVt·soat bo‘lgan. Kichik quyosh elektr stansiyalari esa o‘tgan yil davomidagi 2 mlrd kVt·soatlik jami ishlab chiqarish hajmiga nisbatan 500 mln kVt·soat ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqardi.
Respublikada yanvar–sentyabr oylarida elektr energiyasi isteʼmoli 68,1 mlrd kVt·soatga yetdi. Bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 4,1 mlrd kVt·soat yoki 6,3 foizga ko‘p.
To‘qqiz oy davomida isteʼmolchilarga jami 53 mlrd kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Ushbu hajmning 39 mlrd kVt·soati ulgurji isteʼmolchilarga, 14 mlrd kVt·soati esa aholiga to‘g‘ri keldi.
Sanoat korxonalari 20,6 mlrd kVt·soat, qishloq xo‘jaligi 5,6 mlrd kVt·soat, boshqa ulgurji isteʼmolchilar esa 12,8 mlrd kVt·soat elektr energiyasidan foydalandi.
Hisobot davrida O‘zbekiston 3,4 mlrd kVt·soat elektr energiyasini eksport qildi. O‘tgan yilning yanvar–sentyabr oylariga nisbatan xorijga yetkazib berish hajmi 591,6 mln kVt·soat yoki 21,4 foizga oshdi.
Aksincha, elektr energiyasi importi 720,4 mln kVt·soat yoki 27,2 foizga kamayib, 1,9 mlrd kVt·soatni tashkil etdi.
Joriy yil yakuniga qadar mamlakatda 94,6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 7,7 mlrd kVt·soat yoki 8,8 foizga ko‘pdir. Yillik isteʼmol esa 92,2 mlrd kVt·soatga yetishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 5,7 mlrd kVt·soat yoki 6,6 foizga yuqori.
Yil oxiriga qadar elektr energiyasi ishlab chiqarish va yetkazib berish rejalarini bajarish, isteʼmolchilarni uzluksiz elektr taʼminoti bilan taʼminlash hamda energetika resurslaridan samarali foydalanish asosiy vazifalar bo‘lib qolmoqda.