Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand shahri va Namangan viloyatida “Umra” ziyoratini noqonuniy tashkil etishga oid gumon qilinayotgan ikkita holat aniqlandi.
Har ikki holatda ham gumonlanuvchilar pul mablag‘larini olayotgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlangan.
Samarqandda oilaviy korxona vakili ziyoratni tashkil etish uchun zarur vakolatlarga ega bo‘lmaganiga qaramay, bir fuqaro va uning ikki nafar qarindoshini Saudiya Arabistoniga olib borish hamda diniy marosimlarni ado etish uchun sharoit yaratib berish evaziga 3 450 AQSH dollari talab qilgan.
U 3 000 dollar olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ikkinchi holat Namangan viloyatida qayd etilgan. Mavjud maʼlumotlarga ko‘ra, Namangan tumanida faoliyat yurituvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro uchun “Umra” ziyoratini noqonuniy tashkil etish evaziga 1 350 dollar talab qilgan.
U ham 1 200 dollar miqdoridagi oldindan to‘lovni olayotgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlangan. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Fuqarolarga ziyoratni tashkil etish xizmatlari uchun pul to‘lashdan oldin xizmat ko‘rsatuvchilarning tegishli litsenziyasi mavjudligini tekshirish, shubhali takliflarga ishonmaslik va pul mablag‘larini o‘tkazishda ehtiyotkor bo‘lish tavsiya etilmoqda.