Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Parlamentlararo Ittifoq 153-Assambleyasi doirasida inklyuzivlik, ishonch va teng imkoniyatlar asosida samarali boshqaruvni mustahkamlash hamda jamoalar imkoniyatlarini kengaytirishga bag‘ishlangan umumiy debatlar bo‘lib o‘tdi.
Muhokamalar davomida davlat institutlariga ishonchni mustahkamlash, fuqarolarning qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish, teng imkoniyatlarni taʼminlash hamda aholi hayotida aniq o‘zgarishlarga erishishda parlamentlarning rolini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston parlament delegatsiyasi rahbari, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva o‘z nutqida mamlakatning ijtimoiy davlat tamoyillarini amalga oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy siyosatning huquqiy asoslarini mustahkamlash borasidagi tajribasini taqdim etdi.
Shuningdek, u qonunchilikni takomillashtirish hamda davlat siyosatini amalga oshirish ustidan parlament nazoratini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Debatlar davomida O‘zbekistonning parlamentlarning qonunchilik va nazorat faoliyatini aholi ehtiyojlari bilan yana-da yaqinroq bog‘lashga qaratilgan tashabbuslari taqdim etildi.
Xususan, qonun loyihalarini tayyorlashda jamoatchilik va joylardagi vakillik organlarining fikrini kengroq inobatga olish, shuningdek, davlat dasturlari va byudjetlarni teng imkoniyatlarni taʼminlash nuqtai nazaridan baholash taklif etilmoqda.
Parlament nazorati doirasida qabul qilinayotgan qarorlarning amaliy natijalari va ularning aholi hayotiga taʼsiriga alohida eʼtibor qaratish taklif qilinmoqda.
Debatlar ishtirokchilari, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan «Ijtimoiy rivojlanishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi rezolyutsiyani muhokama qildilar.
Qayd etilganidek, hujjat parlamentlarning ijtimoiy rivojlanish, teng imkoniyatlar va inson farovonligini taʼminlash borasidagi masʼuliyatini oshirishga qaratilgan. Shu munosabat bilan rezolyutsiya qoidalarini amalga oshirish uchun parlamentlararo hamkorlikni yana-da mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.