7
O‘zbekiston

Nilufar Allabergenova Toshkent prokurori o‘rinbosari etib tayinlandi

Nilufar Allabergenova Toshkent prokurori o‘rinbosari etib tayinlandi
Nilufar Allabergenova Toshkent prokurori o‘rinbosari etib tayinlandi / Foto: Toshkent shahar prokuraturasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Nilufar Allabergenova Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosari etib tayinlandi. Ushbu tayinlovga qadar poytaxtning Yakkasaroy tumani hokimi lavozimida ishlagan.

Allabergenovaning boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan tuman hokimi lavozimidan ozod etilgani haqidagi maʼlumot Toshkent shahar hokimligi tomonidan tasdiqlandi.

Uning Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari etib tayinlangani haqida shahar prokuraturasi ham xabar berdi.

Nilufar Anvarovna Allabergenova 1971 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1995 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.

Turli yillarda poytaxtning Yashnobod, Chilonzor va Mirzo Ulug‘bek tumanlari prokurorlarining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Allabergenova 2023 yil 9 oktyabrda Yakkasaroy tumani hokimi etib tayinlangan. U Toshkent shahrida tuman hokimi etib tayinlangan birinchi ayol bo‘lgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.