7
O‘zbekiston

Toshkentda uchta tumanga yangi hokimlar tayinlandi

Toshkentda uchta tumanga yangi hokimlar tayinlandi
Toshkentda uchta tumanga yangi hokimlar tayinlandi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida uchta tumanning yangi hokimlari tasdiqlandi. Abdulaziz Abdulxakov Yashnobod tumaniga, Lazizbek Temirov Yangihayot tumaniga, Hayot Inogamov esa Chilonzor tumaniga hokim etib tayinlandi.

Abdulaziz Axatovich Abdulxakov 1980 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2006 yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida u hokimlik tizimida qurilish, arxitektura va kommunal xo‘jalik sohalariga oid turli lavozimlarda ishlagan.

2025 yildan buyon Toshkent shahridagi «UET Construction» MCHJning ijtimoiy obyektlar qurilishi departamenti direktori lavozimida ishlab kelgan.

Lazizbek Po‘latovich Temirov 1989 yilda Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. 2012 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2021 yilda esa ushbu oliy taʼlim muassasasi magistraturasini tamomlagan.

Temirov iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalarida masʼul lavozimlarda ishlagan. 2024 yildan buyon Yashnobod tumani hokimining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

Hayot Ilyosovich Inogamov 1986 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2006 yilda Toshkent avtomobil-yo‘llar institutini, 2008 yilda esa shu institut magistraturasini tamomlagan.

Turli yillarda transport va yo‘l infratuzilmasi sohasida, shuningdek, davlat boshqaruvi tizimida turli lavozimlarda ishlagan. 2020 yildan buyon Toshkent shahrining Yangihayot tumaniga rahbarlik qilib kelgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.