Shoshilinch
O‘zbekiston

O‘zbekiston va Malayziya parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishni muhokama qildi

O‘zbekiston va Malayziya parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishni muhokama qildi
O‘zbekiston va Malayziya parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishni muhokama qildi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tanzaniyada bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlararo Ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Malayziya parlamenti Vakillar palatasi Spikeri Johari bin Abdul bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar parlamentlararo aloqalarni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qilib, ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish muhimligini taʼkidladilar.

Johari bin Abdul O‘zbekiston Prezidentining 2025 yilda Malayziyaga davlat tashrifi hamda Malayziya Bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil bo‘lganini qayd etdi.

Parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini faollashtirish va parlament delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Taʼlim, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham alohida muhokama qilindi.

Xususan, ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasining ilmiy-akademik aloqalarni hamda ikki mamlakat olimlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdagi imkoniyatlari qayd etildi.

Uchrashuvda, shuningdek, Malayziyaning O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayonini, shuningdek, O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi taʼkidlandi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.