Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Muhokama borasida taʼkidlanganidek, amaldagi qonunchilikda tegishli maqomga ega bo‘lgan shaxslarning daxlsizligi oid normalar turli sohaviy qonunlarda tarqoq holda mavjud bo‘lib, ularni qo‘llashda yagona protsessual tartibning yo‘qligi amaliyotda muammolarni keltirib chiqarayotgan edi.
Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar hamda “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarga muhim tuzatishlar kiritilmoqda.
Jumladan, Jinoyat-protsessual va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar yangi boblar bilan to‘ldirilib, daxlsizlikka ega shaxslar doirasi (deputatlar, sudyalar, Ombudsman, prokurorlar, komplayens xizmati xodimlari, advokatlar va boshqalar) aniq tizimlashtirildi.
Ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish, rozilik olish, ushlab turish, qamoqqa olish, tintuv va tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishning vakolatli subyektlari va qatʼiy tartibi belgilanmoqda.
Senatorlarning taʼkidlashicha, ushbu Qonun mansabdor va tegishli maqomga ega shaxslarni asossiz taʼqib va bosimlardan himoya qilish, ularning o‘z xizmat vazifalarini mustaqil bajarishini taʼminlash hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida suiisteʼmollikning oldini olishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Senat aʼzolari Qonunni maʼqulladi.