Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 23 sentyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston va Polsha tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning 11-raundi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, shuningdek, xalqaro masalalar bo‘yicha hamkorlikka bag‘ishlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madraximov, Polsha delegatsiyasiga esa tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Voytex Zayonchkovskiy rahbarlik qildi.
Maslahatlashuvlar davomida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va o‘zaro manfaatli boshqa sohalardagi munosabatlarning joriy holati hamda istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, O‘zbekiston va Polsha sohaviy vazirliklari hamda kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro tashriflarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Ikki mamlakat vakillari dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashdi. Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi va boshqa ko‘p tomonlama xalqaro tuzilmalar doirasidagi faoliyatni yaqin muvofiqlashtirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.
Maslahatlashuvlar yakunida O‘zbekiston–Polsha hamkorligini yana-da rivojlantirish maqsadida muntazam siyosiy muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.