Shoshilinch
Iqtisod

Minsk viloyati delegatsiyasi Farg‘ona salohiyatini o‘rgandi

Minsk viloyati delegatsiyasi Farg‘ona salohiyatini o‘rgandi
Minsk viloyati delegatsiyasi Farg‘ona salohiyatini o‘rgandi / Foto: Farg'ona viloyati hokimiyati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Belarus Minsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksey Kushnarenko boshchiligidagi Minsk viloyati delegatsiyasi Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurib, investitsiya loyihalari, sanoat korxonalari va hududning turistik salohiyati bilan tanishdi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.

Tashrif doirasida delegatsiya Uchko‘prik va Furqat tumanlarida, shuningdek, Qo‘qon shahrida bo‘ldi.

Belarus vakillari bu yerda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari hamda tarixiy-madaniy obyektlar bilan tanishdi.

“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida delegatsiya «SADAF SUT» oilaviy korxonasiga tashrif buyurib, sut mahsulotlari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

Shuningdek, mehmonlar gipsokarton va dekorativ qurilish materiallari ishlab chiqarilayotgan «BNBM Building Materials Central Asia» korxonasi faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Xorijiy investitsiya ishtirokidagi «Yong Xin» korxonasida esa keramik plitka ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi.

Furqat tumanida Minsk viloyati vakillari «Musawartex Group» qo‘shma korxonasi tomonidan amalga oshirilgan ip-kalava ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi.

Delegatsiya, shuningdek, Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon o‘rdasiga tashrif buyurib, hududning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishdi.

Tashrif davomida Farg‘ona va Minsk viloyatlari vakillari sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlik va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar kelgusidagi hamkorlik masalalarini kelishib oldi.

Delegatsiyaga Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov hamrohlik qildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.