Iqtisod

Farg‘ona Koreyaning uchta kompaniyasi bilan memorandum imzoladi

Farg‘ona Koreyaning uchta kompaniyasi bilan memorandum imzoladi
Farg‘ona Koreyaning uchta kompaniyasi bilan memorandum imzoladi / Foto: Farg'ona viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati Koreyaning HANUL Co., Ltd, D&B CO., LTD va HSG Group kompaniyalari bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzoladi. Hujjatlar Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning Koreya Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida tuzildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.

Tashrif davomida Xayrullo Bozorov kompaniyalar rahbarlari Xan Yon Don, Sin Yon Xi va Kvon Kyon Min bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar Farg‘ona viloyatida bir qator ishlab chiqarish yo‘nalishlarida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Xususan, nam salfetkalar va boshqa gigiyena mahsulotlarini ishlab chiqarish, non-bulka va qandolat mahsulotlari tayyorlash, shuningdek, to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Koreya biznesi vakillari o‘z kompaniyalarining faoliyati, ishlab chiqarish tajribasi va foydalanilayotgan zamonaviy texnologiyalar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, ular keyingi hamkorlik doirasida Farg‘ona viloyatida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalarni taqdim qildi.

Xayrullo Bozorov taqdim etilgan tashabbuslarni istiqbolli deb baholab, ularni hududda amalga oshirish imkoniyatlarini har tomonlama o‘rganish zarurligini taʼkidladi. Viloyat rahbari kompaniyalar vakillarini hamkorlikdagi ishlarni davom ettirish uchun Farg‘onaga tashrif buyurishga taklif qildi.

HANUL Co., Ltd, D&B CO., LTD va HSG Group bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlik to‘g‘risida memorandumlarni imzoladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.