Iqtisod

OTB O‘zbekiston farmatsevtika sohasidagi islohotlarni yuqori baholadi

OTB O‘zbekiston farmatsevtika sohasidagi islohotlarni yuqori baholadi
OTB O‘zbekiston farmatsevtika sohasidagi islohotlarni yuqori baholadi / Foto: Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vakillari Eduardo Banzon boshchiligida O‘zbekistonda farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishdi.

Uchrashuv Tibbiyot va farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov bilan bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tibbiyot va farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi xabar berdi.

Muzokaralar davomida OTB delegatsiyasiga mamlakat farmatsevtika ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, istiqbolli loyihalar va agentlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida maʼlumot berildi.

Farmatsevtika mahsulotlari sifatini oshirish, shuningdek, sohaning ilmiy va taʼlim infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri O‘zbekistonning PIC/S‘ga aʼzo bo‘lish jarayoni bo‘ldi. Tomonlar aʼzolikka tayyorgarlik, inspeksiya tizimini xalqaro talablarga muvofiq takomillashtirish va ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildi.

OTB vakillari O‘zbekistonda farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni ijobiy baholab, istiqbolli qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar farmatsevtika sohasida hamkorlik va tajriba almashinuvini yana-da kengaytirish, shuningdek, O‘zbekistonning mintaqaviy farmatsevtika markazi sifatidagi salohiyatini mustahkamlash muhimligini taʼkidladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.