O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekiston E-9 vizasi bilan ishlash shartlarini o‘zgartirdi

Dilafro'z Niyazova · 04.09.2026 · 12:55 · 38 views
O‘zbekiston E-9 vizasi bilan ishlash shartlarini o‘zgartirdi
O‘zbekiston E-9 vizasi bilan ishlash shartlarini o‘zgartirdi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Janubiy Koreyada E-9 vizasi asosida ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolariga endi ish beruvchini almashtirish uchun Migratsiya agentligi vakolatxonasining oldindan roziligini olish talab etilmaydi.

Tegishli qoidalar vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Janubiy Koreyaga ketayotgan fuqarolar bilan tuziladigan uch tomonlama shartnomadan chiqarib tashlandi.

Avval shartnomada ish joyini almashtirishdan oldin Koreya Respublikasidagi Migratsiya agentligi vakolatxonasining roziligini olish talabi belgilangan edi. Ushbu talabni buzganlik uchun jarima ham nazarda tutilgan.

Migratsiya agentligida tushuntirilishicha, mazkur qoidalar fuqarolarning noqonuniy maqomga o‘tib ketishining oldini olish, ular bilan doimiy aloqani saqlash hamda zarurat tug‘ilganda ijtimoiy, huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini taʼminlash maqsadida joriy etilgan.

Shartnoma shartlarini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi qaror Janubiy Koreyadagi ish beruvchilar va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan o‘tkazilgan muzokaralar, shuningdek, fuqarolarning murojaatlari tahlil qilinganidan so‘ng qabul qilindi.

Endi fuqarolar ish beruvchini almashtirish uchun Migratsiya agentligiga alohida murojaat qilib, ruxsat olishi shart emas. Mehnat shartnomasi bekor qilinganidan so‘ng ular amaldagi tartib va Koreya Respublikasi qonunchiligiga muvofiq yangi ish beruvchi bilan mehnat munosabatlariga kirishishi mumkin.

Shu bilan birga, uch tomonlama shartnomaga kiritilgan o‘zgartishlar E-9 vizasiga ega ishchilar uchun Koreya qonunchiligida belgilangan talablarni bekor qilmaydi.

Jumladan, mehnat shartnomasi bekor qilinganidan so‘ng fuqaro bir oy ichida belgilangan davlat tartibida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Yangi ish joyini 90 kun ichida topish lozim. Agar ushbu muddatda ishga joylashish amalga oshmasa, fuqaro Koreya Respublikasi hududini tark etishi shart.

Mamlakatda noqonuniy qolganlik uchun jarima to‘g‘risidagi qoida esa saqlanib qolgan.

Agar fuqaro belgilangan muddatda ishga joylashmasa va Janubiy Koreya hududini tark etmasa, u noqonuniy maqomga o‘tishi mumkin.

Mamlakat qonunchiligiga muvofiq, bunday shaxsga nisbatan jarima, deportatsiya va qayta kirishni taqiqlash choralari qo‘llanilishi mumkin.

Migratsiya agentligi shartnoma shartlari o‘zgargani munosabati bilan fuqarolarga ish beruvchini almashtirishda Koreya Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartib va muddatlarga qatʼiy rioya qilishni tavsiya qildi.