Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi subyektlar manfaatlarini huquqiy himoya qilish mexanizmlari kuchaytirildi. Tegishli o‘zgartishlar 2026 yil 9 sentyabrda qabul qilingan O‘RQ-1170-sonli qonun bilan nazarda tutilgan.
Hujjat bir qator qonun hujjatlariga, jumladan, «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritadi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmuini rivojlantirish agentligi fuqarolik va iqtisodiy sudlarga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.
Imtiyoz agentlik tomonidan o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi subyektlar hamda issiqxona xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida beriladigan ariza, shikoyat va daʼvo arizalariga tatbiq etiladi.
Shu tariqa, agentlik mazkur toifadagi subyektlar manfaatlarini himoya qilish doirasida davlat bojini to‘lamasdan sudlarga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.