Iqtisod

AHA Co. Farg‘onada texnologik yechimlarni joriy etmoqda

AHA Co. Farg‘onada texnologik yechimlarni joriy etmoqda
AHA Co. Farg‘onada texnologik yechimlarni joriy etmoqda / Foto: Farg'ona viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Janubiy Koreyaga amaliy tashrif doirasida AHA Co., Ltd texnologik kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. Tomonlar kompaniyaning zamonaviy ishlanmalari va ularni Farg‘ona viloyatida joriy etish istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.

Delegatsiya vakillariga AHA Co., Ltd kompaniyasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, texnologik ishlanmalari hamda ichki va xalqaro bozorlarda taqdim etilayotgan mahsulotlari tanishtirildi. Xususan, delegatsiya elektron va interaktiv doskalar, elektron tribunalar, taʼlim sohasi uchun raqamli yechimlar, havoni tozalash va zararsizlantirish uskunalari, shuningdek, elektromobillarni tezkor va standart usulda quvvatlash qurilmalari bilan tanishdi.

AHA Co., Ltd elektron texnologiyalar sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniyaning asosiy yo‘nalishlari qatoriga EdTech, sog‘liqni saqlash sohasidagi texnologiyalar hamda elektromobillarni quvvatlash infratuzilmasi kiradi. Kompaniya 1995 yilda o‘z faoliyatini boshlagan, 1999 yilda esa yuridik shaxs sifatida qayta tashkil etilgan. Ayni paytda AHA Co., Ltd Janubiy Koreyaning KONEX bozorida ro‘yxatdan o‘tgan.

Kompaniya turli quvvatdagi elektromobillar uchun tezkor va standart quvvatlashga mo‘ljallangan qurilmalar ishlab chiqaradi. AHA Co., Ltd‘ning ayrim quvvatlash stansiyalari xalqaro OCPP standartiga muvofiq sertifikatlangan.

Kompaniya Farg‘ona viloyatida o‘z loyihasini amalga oshirishni allaqachon boshlagan. AHA Co., Ltd rahbari Ku Gi Do hududda tashkil etilayotgan korxonada elektromobillar uchun quvvatlash qurilmalarini o‘rnatish rejalari haqida maʼlumot berdi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va loyihani bosqichma-bosqich rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.