O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

Kosonsoyda parrandachilikka $90 mln sarmoya kiritiladi

Dilafro'z Niyazova · 03.09.2026 · 12:20 · 30 views
Kosonsoyda parrandachilikka $90 mln sarmoya kiritiladi
Kosonsoyda parrandachilikka $90 mln sarmoya kiritiladi / Foto: Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyati Kosonsoy tumanida naslli jo‘jalar yetishtirish va eksport salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan qiymati $90 mlnlik investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi. Bu haqda Kosonsoy tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov tumanga tashrif buyurib, «Ququmboy naslli parranda» MCHJ loyihasini amalga oshirish jarayoni bilan tanishdi va birinchi tamal toshini qo‘yish marosimida ishtirok etdi.

«Naslli jo‘jalar yetishtirish va eksportga yo‘naltirish» loyihasi 85 gektar maydonda amalga oshiriladi.

Loyihani moliyalashtirish uchun korxona tomonidan $30 mln o‘z mablag‘lari yo‘naltiriladi, yana $60 mlnni bank kreditlari shaklida jalb etish rejalashtirilgan.

Korxona to‘liq quvvatga chiqqach, bu yerda zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda naslli jo‘jalar yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha, shuningdek, mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi.

Loyihani amalga oshirish doirasida 800 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Uni to‘liq yakunlash 2028 yilning II choragiga rejalashtirilgan.

Ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi Kosonsoy tumanida parrandachilik sohasida zamonaviy ishlab chiqarish zanjirini shakllantirish imkonini berishi kutilmoqda.

Loyiha yangi ish o‘rinlarini yaratish, eksport hajmlarini oshirish va hududning investitsiya salohiyatini yana-da mustahkamlashga ham xizmat qilishi kutilmoqda.