O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekiston eksport qarzdorligini so‘ndirishning vaqtinchalik mexanizmini joriy etdi

Dilafro'z Niyazova · 29.08.2026 · 16:55 · 36 views
O‘zbekiston eksport qarzdorligini so‘ndirishning vaqtinchalik mexanizmini joriy etdi
O‘zbekiston eksport qarzdorligini so‘ndirishning vaqtinchalik mexanizmini joriy etdi / Foto: Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha korxonalarning muddati o‘tgan debitor qarzdorligini so‘ndirishning vaqtinchalik mexanizmini joriy etuvchi farmonni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, tadbirkorlik subyektlaridagi qarzdorlik jahon bozorlaridagi noaniqlik, tashqi to‘lovlar va bank hisob-kitoblariga qo‘yilgan cheklovlar, shuningdek, ayrim xorijiy kontragentlarning majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarmasligi natijasida yuzaga kelgan.

Farmonga muvofiq, 2027 yil 1 yanvarga qadar bir martalik umumdavlat aksiyasi eʼlon qilinadi. Unga ko‘ra, eksport operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilish belgilangan muddatlarda taʼminlanmagan holatlarda korxonalarga muddati o‘tgan debitor qarzdorlikni o‘z mablag‘lari hisobidan so‘ndirishga ruxsat beriladi.

Aksiya farmon kuchga kirguniga qadar yuzaga kelgan va tovarlar, ishlar yoki xizmatlarning amalda eksport qilinishi natijasida shakllangan qarzdorlikka nisbatan tatbiq etiladi. Bunda xorijiy kontragent belgilangan muddatda to‘lovni amalga oshirmagan bo‘lishi va qarzdorlik tashqi savdo operatsiyalarining “E-kontrakt” axborot tizimida muddati o‘tgan qarz sifatida qayd etilgan bo‘lishi lozim.

Aksiya ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga, shuningdek, 50 foiz va undan ortiq ulushi shunday yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Aksiya doirasida muddati o‘tgan qarzdorlikni xizmat ko‘rsatuvchi bank kassalari orqali korxonalar hisob raqamlariga naqd valyuta mablag‘larini kiritish yo‘li bilan so‘ndirishga ruxsat beriladi. Bunda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi va ishonchnoma talab qilinmaydi. Bunday mablag‘lar kirim qilinganidan so‘ng “E-kontrakt” tizimida muddati o‘tgan qarzdorlik summasi avtomatik ravishda kamaytiriladi, aktivlarni repatriatsiya qilish taʼminlanmagani uchun undirilmagan jarimaning bir qismi esa kiritilgan summaga mutanosib ravishda hisobdan chiqariladi.

Shu bilan birga, hisob raqamlariga kiritilgan mablag‘lar eksportdan tushgan valyuta tushumi hisoblanmaydi va qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasini qo‘llash huquqini bermaydi.

Farmonning alohida bo‘limi aktivlarni repatriatsiya qilishni taʼminlash bo‘yicha vijdonan amalga oshirilgan harakatlar uchun javobgarlikni yumshatadi. 2027 yil 1 yanvardan boshlab sud quyidagi shartlardan kamida bittasi mavjud bo‘lganda repatriatsiya taʼminlanmagani uchun jarima miqdorini ikki baravarga kamaytiradi: agar rezident o‘z huquqlarini himoya qilish uchun unga bog‘liq bo‘lgan barcha choralarni, jumladan, sud yoki arbitrajga murojaat qilishni amalga oshirgan bo‘lsa; agar aktivlarning 50 foizidan ortig‘i repatriatsiya qilingan bo‘lsa; yoki repatriatsiya kontragent mamlakatidagi xalqaro sanksiyalar, valyuta operatsiyalariga qo‘yilgan taqiqlar yoki bank va to‘lov tizimlaridagi uzilishlar sababli cheklangan bo‘lsa. Bunda yengillik fors-major holatlariga nisbatan qo‘llanilmaydi. Mazkur yumshatish ham davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga tatbiq etilmaydi.

Farmon Oliy sudga bir oy muddatda «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonun loyihasini tayyorlash vazifasini yukladi. Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasiga bir hafta muddatda aksiya mazmun-mohiyatini tushuntirish rejasini tijorat banklari, Bojxona va Soliq qo‘mitalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda tasdiqlash topshirildi. Bojxona va Soliq qo‘mitalari muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud korxonalarga aksiya haqida xabarnomalar yuborishi kerak.

Soliq qo‘mitasi Bojxona qo‘mitasi va Markaziy bank bilan birgalikda aksiyaning borishi haqida har oy Prezident Administratsiyasiga axborot taqdim etadi. Aksiya natijalari bo‘yicha yakuniy hisobot esa 2027 yil 1 fevralga qadar taqdim etilishi lozim.