Vashington 1 sentyabrni O‘zbekiston Mustaqillik kuni deb eʼlon qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Vashington meri Muriel Bauzer 2026 yil 1-sentabrni AQSH poytaxtida O‘zbekiston Mustaqilligi kuni deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Bu haqda Vashington meri deklaratsiyasida aytiladi.
Hujjat O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan qabul qilingan. Unda mamlakatning madaniy merosi, erishgan yutuqlari, shuningdek, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlik, do‘stlik va sheriklik munosabatlari qayd etilgan.
Deklaratsiyada ikki mamlakat xalqlarini birlashtirib turadigan umumiy maqsadlar ham taʼkidlangan.
O‘zbekiston tomoni Myuriel Bauzerga O‘zbekiston Mustaqillik kunini eʼtirof etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Xabarda qayd etilishicha, mazkur qaror O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar, xususan, O‘zbekiston va Vashington shahri o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro hurmat ifodasi sifatida baholanmoqda.
«Bu yuksak eʼtirof O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar, xususan, O‘zbekiston va Vashington shahri o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro hurmatning yorqin ifodasidir», — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston tomoni, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da mustahkamlash va AQSH poytaxti bilan hamkorlikni rivojlantirishga umid bildirdi.
1 sentyabr O‘zbekistonda Davlat mustaqilligi kuni sifatida nishonlanadi. 2026 yilda mamlakat mustaqilligining 35 yilligi nishonlanmoqda.
Avvalroq Sietl meri Keti B. Uilson ham 2026 yil 1 sentyabrni shaharda O‘zbekiston Mustaqillik kuni deb rasman eʼlon qilgan edi. Tegishli deklaratsiya O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan.