7
O‘zbekiston

Saidov C5+1 formatidagi hamkorlik ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi

Saidov C5+1 formatidagi hamkorlik ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi
Saidov C5+1 formatidagi hamkorlik ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi / Foto: O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqandda Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ishtirokida C5+1 formatida vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilish, transport, energetika va raqamli infratuzilmani rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov maʼlum qildi.

Tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, ishtirokchilar muhim minerallar sohasidagi hamkorlikka ham alohida eʼtibor qaratdilar.

Ushbu yo‘nalishni rivojlantirish mintaqada yangi sanoat quvvatlari, ish o‘rinlari va texnologik imkoniyatlarni yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Saidov, shuningdek, ustuvor loyihalarni belgilash jarayoniga biznes vakillarini faolroq jalb qilish va ularni amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida C5+1 va B5+1 formatlari o‘rtasida muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

Vazir Samarqanddagi muzokaralar siyosiy kelishuvlardan aniq investitsiyalar va qo‘shma tashabbuslarga o‘tishga yordam berishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston C5+1 kotibiyatida hamraislik qilish davrida belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni davom ettirish niyatida.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.